XULIO KORTASAR KULLIYOTIGA SO‘ZBOSHI O‘RNIDA — NAZAR ESHONQUL

Sharifjon Ahmad talabalik yillaridan beri Borxes, Kortasar asarlari tarjimasi bilan shug‘ullanib keladi. Qayd etish kerakki, u amalga oshirgan Borxes hikoyalari tarjimasi e’tiborga molik tarjimalardan. Borxes uslubi tushunib o‘girilgan, ohanglar, urg‘ular, so‘zlar orqali aks etadigan majozlarni saqlashga harakat qilingan. Endi esa mutarjim Kortasar asarlari tarjimasini to‘plab kitob qilishni niyat qilibdi. Xulio Kortasarning sizga havola etilayotgan ba’zi asarlarini o‘z paytida Olim Otaxon ham tarjima qilgan. Sharifjon esa ba’zilarini ruschadan, ba’zi hikoyalarni ispanchadan o‘girgan. Bu ham o‘ziga xos tajriba bo‘lgan. Bu bugun ancha oqsab qolgan tarjimashunosligimizga ham asl va ikkilamchi tildan qilingan o‘girmalarni qiyoslab, ilmiy xulosalar chiqarishga imkon beradi. Shu bilan birga, hamisha jahon adabiyotida o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkorlarning asarlari o‘girilishini badiiy voqelik deb hisoblayman. Bunaqa asarlar tarjimasi adabiy didning, saviyaning, umuman, adabiyotga bo‘lgan qarashlarning o‘zgarishiga turtki beradi. Chunonchi, Kortasar asarlari adabiyot, so‘z san’ati imkoniyatlarini yanada kengaytiradi, adabiy qoliplar, adabiy ifoda usullarini boyitadi. Sharifjon Ahmad ham adabiy didimizga Kortasarning badiiy tasavvur o‘yinlarini taklif qilyapti. Kim qanday «o‘ynay olishi» har kimning o‘ziga bog‘liq. Kortasar hamisha o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lardi. Birinchisi – to‘g‘ri kelgan kitobni o‘qib zavqlanaveradigan oddiy o‘quvchilar. Ikkinchisi – muallif bilan birga fikrlaydigan, ishora va metaforalarni tushunadigan, fikr qiladigan, muallif bilan tasavvurda bahslashadigan «hammuallif o‘quvchilar». Kortasar o‘zining asarlarini hammuallif o‘quvchilar mutolaa qilishini istardi. Sharifjon Ahmad tarjimasidagi bu to‘plam o‘zbek kitobxonlari oldiga qaysi toifadagi o‘quvchilarga aylanish tanlovini taklif etyapti.


Xulio Kortasar ijodini birinchi marta o‘zbek adabiyotiga keng targ‘ib qilgan, umuman, «kortasarchilik» kasalligini adabiy muhitimizga «yuqtirgan» ijodkor Olim Otaxon edi. Men o‘tgan asrning 80-yillari boshida birinchi marta Kortasar nomini O. Otaxondan eshitganman. Olim aka «Ishg‘ol qilingan uy» hikoyasi haqida gapirib, hikoya usuli, ruhiyati, ifoda usulini milliy nasrimizga qiyoslab tahlil qilib bergandi. Keyinchalik «Aksolotl», «Tilla baliqchalar» hikoyalari haqida ham shunday jo‘shib gapirgan. Albatta, Olim akaning hayajonli tahlillaridan so‘ng Kortasar biz uchun salkam afsonaviy adibga aylangan, bizda uning ijodiga qiziqish epidemiya shakliga kirgan. U paytlari Kortasar kitoblarini topish ancha mushkul edi. Men omadim kelib Navoiy ko‘chasidagi bukinistdan «Другое небо» to‘plamini sotib olganman. Garchi biz «fusunkor realizm» haqida Tal’at Solihov saboqlaridan eshitgan bo‘lsak ham, umuman, bu qanday uslub, nimaga suyanadi, nimaga tayanadi, voqelikni qanday tasvir etadi – bular haqida tasavvurga ega emasdik. Kortasar hikoyalari menga, umuman, bizning avlodga bu uslub haqida to‘laqonli tasavvur bera olgan deb bemalol ayta olaman. XX asrda jahon adabiyotida o‘ziga xos inqilob yasagan Lotin Amerikasi adabiyotini o‘qir ekanmiz, So‘z san’atiga faqat Chexovning ko‘zoynagini taqib baho berib bo‘lmasligini anglaganmiz. Bunda, albatta, Tal’at Solihov bilan birga Olim Otaxonning ham o‘ziga xos xizmati va o‘rni bor. Sharifjon Ahmad sizga havola qilayotgan Kortasar asarlari tarjimasi to‘plamini Olim Otaxonga bag‘ishlayotgani bejiz emas. Bu tarjimon-adib xizmatining o‘ziga xos e’tirofi ham. Zotan, Lotin Amerikasi adabiyoti targ‘ibotchisi va tarjimoni sifatida Olim Otaxon bu e’zozga munosib.

Qo‘lingizdagi to‘plam o‘sha davrlarda «kortasarchilik» bilan «og‘rigan» yosh yigitning o‘ttiz yildan ortiq «kasalligi» mahsuli. «Kasallikdan asrasin» deymiz-u, lekin bu kabi «og‘rish» adabiyotga ko‘p foyda beradi. Bu tarjimalar shu paytgacha milliy tilimizga qilingan o‘girmalardan bir jihati bilan farq qiladi: tarjimon Kortasarning hikoyalari ruhida yashash, adib his qilgan tuyg‘ularni his qilish, asarlarining ichiga kirish uchun Parijda hikoyalarda tilga olingan o‘sha botanika bog‘iga eltuvchi yo‘llarni («Aksolotl»), «Kissadan topilgan bitiklar» qahramoni o‘rniga o‘zini qo‘yib, Parij metrosining tarvaqaylagan yo‘nalishlarini kezib chiqqan, «Janubiy shosse»da asarga yuklangan mohiyatni chuqurroq anglash uchun Parij yo‘llarida tirbandliklarda (probkalarda) qolib ketgan, voqelikni, adib og‘riqlarini, uni ilhomlantirgan yoki dardga mubtalo qilgan muhitni his qilish uchun Parijdagi Kortasar tilga olgan ko‘cha, binolarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Bu bilan faqat matnni o‘giruvchi tarjimon emas, Kortasar orzu qilgan «hammuallif-tarjimon» bo‘lishga, faqat matnga emas, asar ruhiga yaqinlashishga uringan. Ana shu jihati bilan hikoyalardagi o‘girmalar jonli va hayotiy chiqqan. Buni birgina «Aksolotl» hikoyasining uchta tarjimasining ba’zi nuqtalarini solishtirish orqali tasavvur qilsak bo‘ladi.


Qahramonning Parij ko‘chalarida ilk daf’a aksolotlni uchratgan joy O.Otaxon va N.Arslon tarjimasida shunday o‘girilgan: «Uzoq cho‘zilgan qish tugab, Parij sekin-asta jilvalanayotgan bahor kunlarining birida tasodifan ularga yo‘liqdim. Men Por-Royal bulvari bo‘ylab yurdim, Marsel va L’Opital xiyobonlari yonidan o‘tib ketayotsam, birdan fayzsiz turarjoy binolari orasidagi ko‘kalamzorni ko‘rib qoldim-u beixtiyor arslonlar bilan qoplonlar yodimga tushdi» (Olim Otaxon tarjimasi). «Ularni uchratib qolishim bir tasodif bilan bog‘liq bo‘lib, uzoq cho‘zilgan qishdan keyin Parijning bamisoli tovusdek tovlana boshlagan paytiga to‘g‘ri keldi. Men Por-Royal bulvaridan o‘tib, Sen-Marsel va L’Optimal bulvarlarini ortda qoldirarkanman, kulrang tekisliklar o‘rtasidagi yashillikka ko‘zim tushdi va xayolimga arslonlar keldi» (Ne’mat Arslon tarjimasi).


Parijda hikoya qahramoni yurgan yo‘llar bo‘ylab yurgan, adib keltirgan ko‘chalarda kezingan Sh.Ahmad ayni shu jumlalarni: «Uzoq cho‘zilgan qishdan so‘ng tovus misol asta jilolana boshlagan Parijning ko‘klam kunlaridan birida ularga ilk bor duch keldim. O‘shanda Port-Royaldan quyiga yurib, Saint-Marcel va L’Hopital xiyobonlarini ortda qoldirdim-da, dilgir mavsumdan endi uyg‘onib kelayotgan shahar o‘rtasidagi yam-yashil orol – Botanika bog‘i ro‘parasidan chiqdim va darhol arslonlar yodimga tushdi», – deb o‘giradi. Agar o‘quvchi diqqat qilgan bo‘lsa, yuqoridagi ikki tarjimada aksolotlni uchratgan joy birida «ko‘kalamzor», birida esa «yam-yashil orol» deb tasvirlanadi. O.Otaxon va N.Arslon tarjimasida qahramonning keyingi borishida bu «ko‘kalamzor» yoki «yashil orol» birdan «Botanika bog‘i»ga aylangan. «Ko‘kalamzor» va «yam-yashil orol»ning birdan «Botanika bog‘i»ga aylanishi o‘quvchida ozgina mubhamlik paydo qiladi. Sh.Ahmad tarjimasida bu manzara boshidayoq «Shahar o‘rtasidagi yam-yashil orol – Botanika bog‘i» deya aniq beriladi. Juda arzimas bo‘lib tuyulgan bu chizgi keyinchalik qahramon aynan o‘sha manzilga borgani haqida o‘quvchida aniq tasavvur uyg‘otadi.


Yana bir qiyos. «Men akvariumning shisha devoriga yuzimni bosib qapishib olgancha yoypardasiz va qorachiqsiz tillarang ko‘zlarning siridan voqif bo‘lgani zo‘r berib tikilardim. Oynaning u yog‘idagi aksolotlning sokin yuzini juda yaqindan ko‘rdim. U yerga o‘tmay, aksolotl o‘rniga oynaning ortida o‘z qiyofamni ko‘rganimda ajablanmadim. Uni chinni hovuzdan tashqarida – oynaning narigi tarafida ko‘rdim. So‘ngra mening yuzim uzoqlashdi-yu gap nimadaligini fahmladim» (Olim Otaxon tarjimasi). «Men shisha devor orqali aksolotlning harakatsiz yuzini juda yaqindan ko‘rib turardim. Undan nigohimni olmasdan, ajablanmasdan shisha ortida o‘z yuzimni ko‘rdim, aksolotlning yuzi o‘rnida meniki turardi. Akvariumning ichida emas, akvarium shishasining boshqa tomonida turardi. Keyin mening yuzim o‘rnidan qo‘zg‘aldi va men gap nimadaligini tushundim» (Ne’mat Arslon tarjimasi). «Yuzlarim bilan akvarium oynasiga yopishib, beparda va beqorachiq tillorang ko‘zlar tilsimini yechishga urinar ekanman, shundoqqina qarshimda – shisha ortida turgan aksolotl ham menga tikilib turganini ko‘rdim. Shunda hech bir ko‘chib o‘tishsiz, mutlaqo taajjubsiz o‘sha narsa sodir bo‘ldi: shisha ortida, shishaning narigi tarafida, akvarium tashqarisida aksolotl o‘rniga o‘z chehramni ko‘rdim. Bir dam o‘tib, mening chehram – o‘z yuzlarim akvariumdan ajralib, ortga chekingan mahal esa hammasini tushunib yetdim» (Sh. Ahmad tarjimasi).
Oldingi ikki o‘girmani hech bir kamsitmagan holda menda Sh.Ahmadning qahramonning aksolotlga evrilishi chizgilari ishonchliday va bu o‘rin almashish adibning fusunkor realizmi hamda so‘z qo‘llash uslubiga yaqinroqday tuyuldi.


Albatta, bu tarjimalarni mutaxassislar batafsil qiyoslab, aniq xulosalar bildirishadi. Men faqat tarjimonning adib hikoyalarini o‘girish uchun avval o‘sha manzil va o‘sha muhitda adib o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rgani tarjima jarayoniga ham ta’sir qilganini eslatib o‘tmoqchiman, xolos. Bu kabi yondashuv Kortasarning Parij hayoti bilan bog‘liq va ayni to‘plamga kirgan boshqa hikoyalarida ham aniq-tiniq seziladi.


Xulio Kortasar – jahoniy e’tirofga ega, dunyo adabiyotining klassigi maqomiga erishgan adiblardan biri. Shu sababli to‘plamni o‘qishga kirishgan o‘quvchida uning hikoyalarini teranroq anglash, mohiyatiga yetish, adib uslubi, hayoti haqida to‘laqonliroq tasavvurga ega bo‘lish uchun adib ijodiga bag‘ishlangan maqola ham e’tiboringizga havola qilinyapti.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *