“Ishg‘ol qilingan uy” hikoyasi talqinlari

Xulio Kortasarda uning ko‘plab matnlarida bo‘lgani kabi real voqelik ko‘pincha noreal olam bilan yonma-yon yashaydi. Uning yozganlarida noreal voqelik haqiqiy hayot bilan o‘zaro uyg‘un tasvirlanadi. Bu Lotin Amerikasi sehrli realizmining muayyan elementlaridan biridir.

“Ishg‘ol qilingan uy” hikoyasini olaylik. Unda roviy, singlisi Irena, ularning kundalik tashvishlari hikoya markazida turadi. Bular haqiqiy hayot voqeligi o‘laroq tasvirlansa, ularning uyini egallab olgan va uyning qonuniy egalarini haydab chiqarmoqchi bo‘layotgan noma’lum odamlar noreal voqelikning mahsulidir. Chunki ularning jismonan mavjudligi noma’lum. Bosh qahramonlar ularni faqat eshitishadi. Biror marta ko‘rib qolishmaydi. Roviy yigit ham, Irena ham bu “bosqinchilar” bilan hech qachon yuzma-yuz uchrashmagan.

Shu joyda butunlay boshqacha talqinga zarurat tug‘iladi: balki «bosqinchilar» umuman mavjud bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Ya’ni, ehtimol aka va singil umumiy bahona topib, bu uydan qochish uchun ularni o‘zlari o‘ylab topishgandir.

Yana bir talqin: “Ishg‘ol qilingan uy” hikoyasi XX asr o‘rtalaridagi Argentinaning siyosiy va ijtimoiy qiyofasi bo‘lishi mumkin. Bu talqin uchun Argentinaning Kortasar yashagan davridagi ijtimoiy-siyosiy manzara bilan qiziqib ko‘rgan ma’qul. Kortasarning o‘zi, Xuan Domingo Peron davrida har qanday odam besabab va bosim ostida o‘z uyidan haydab chiqarilishi mumkinligini aytgan ekan. Ayni shu motiv “Ishg‘ol qilingan uy” hikoyasining o‘zagi, uning markaziy leytmotividir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan